Fuqarolarga ijtimoiy-mehnat sohasiga oid bepul yuridik xizmat ko’rsatish, jumladan, fuqarolarning huquqini himoya qilish, manfaatlarni ta’minlash, keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o’rtasida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid xalqaro va milliy standartlarni targ’ib etish, ularning xalqaro va milliy standartlarga oid bilimlarini oshirish, huquqni qo’llash ko’nikmalarini shakllantirish, demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga sodiqlik ruhida tarbiyalash, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Yuridik klinikasi tashkil etilgan.

Yuridik klinika faoliyatining asosiy maqsadi fuqarolarga ijtimoiy-mehnat sohasida bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko’rsatishdan iboratdir.

Yuridik klinika faoliyati quyidagi yo’nalishlarni qamrab oladi:

Ijtimoiy-huquqiy faoliyat – fuqarolarga huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo’llash va amalga oshirishda amaliy, bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko’rsatish;

Axborot-targ’ibot faoliyati – keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o’rtasida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid xalqaro va milliy standartlarni targ’ib etish;

O’quv-tarbiyaviy faoliyat – klinika ko’ngillilari (volontyor)ni xalqaro va milliy standartlarga oid bilimlarini oshirish, huquqni qo’llash ko’nikmalarini shakllantirish, demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga sodiqlik ruhida tarbiyalash, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish;

Ilmiy-tadqiqot faoliyati – yuridik klinika murabbiylari va ko’ngillilari tomonidan ijtimoiy-mehnat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishga doir ilmiy-tahliliy materiallar tayyorlash.

Yuridik klinika maqsadlariga erishish uchun birinchi galda yuridik yo’nalishdagi oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalari talaba va o’quvchilari orasidan tanlov asosida ko’ngillilar jalb etiladi. Yuridik klinikada to’liq amaliyot o’tagan talabalarga maxsus sertifikat beriladi.

O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi

Yuridik klinikasi to’g’risida

Nizom

I. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to’g’risida”, “Jamoat birlashmalari to’g’risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to’g’risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi Qonunlari, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi (Federatsiya) Ustavi hamda boshqa normativ va lokal hujjatlar asosida ishlab chiqilgan bo’lib, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi qoshidagi Yuridik klinika (Yuridik klinika) faoliyatining tartibini belgilaydi.
  2. Yuridik klinika O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining yuridik bo’limi negizida tashkil etilib, kasaba uyushmalarining huquqiy maslahat xizmati sifatida faoliyat yuritadi.

 

II. Maqsad va vazifalar

  1. Yuridik klinika faoliyatining asosiy maqsadi fuqarolarga ijtimoiy-mehnat sohasida bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko’rsatishdan iborat.
  2. Yuridik klinikaning vazifalari quyidagilardan iborat:

Ijtimoiy-huquqiy faoliyat – fuqarolarga huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo’llash va amalga oshirishda amaliy, bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko’rsatish;

Axborot-targ’ibot faoliyati – keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o’rtasida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid xalqaro va milliy standartlarni targ’ib etish;

o’quv-tarbiyaviy faoliyat – klinika ko’ngillilari (volonter)ni xalqaro va milliy standartlarga oid bilimlarini oshirish, huquqni qo’llash ko’nikmalarini shakllantirish, demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga sodiqlik ruhida tarbiyalash, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish;

ilmiy-tadqiqot faoliyati – yuridik klinika murabbiylari va ko’ngillilari tomonidan ijtimoiy-mehnat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishga doir ilmiy-tahliliy materiallar tayyorlash.

Yuridik klinika amaldagi qonun hujjatlari doirasida kasaba uyushmalari huquq va manfaatlari, maqsad va majburiyatlari, shu jumladan Federatsiya harakat dasturiga doir boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.

 

III. Tuzilma

  1. Federatsiya Kengashi apparati yuridik bo’limi mudiri Yuridik klinika faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi.

Yuridik klinika tuzilmasi, murabbiylar va ko’ngillilar kontingenti Federatsiya Kengashi raisi  tomonidan tasdiqlanadi.

  1. Yuridik klinika faoliyatini tashkil etish va doimiy muvofiqlashtirib borish maqsadida Federatsiya Kengashi apparati yuridik bo’limi xodimlari orasidan mas’ul – koordinator tayinlanadi.

Koordinator:

o’z faoliyatida Federatsiya Kengashi apparati yuridik bo’limi mudiriga bo’ysunadi;

yuridik klinika faoliyatini tashkil etadi va doimiy muvofiqlashtirib boradi;

yuridik klinika murabbiylari va ko’ngillilarini saralashni tashkil etadi;

fuqarolarga bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko’rsatishda ishtirok etadi;

yuridik klinika ijtimoiy-huquqiy, axborot-targ’ibot, o’quv-tarbiyaviy va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga boshchilik qiladi.

Yuridik klinika koordinatori (yuridik bo’lim xodimi) Federatsiya Kengashi raisi tomonidan belgilangan boshqa lavozim vazifalarini ham amalga oshiradi.

  1. Yuridik klinika faoliyatini tashkil etish uchun jamoatchilik asosida ijtimoiy-mehnat sohasida malakaga ega shaxslar orasidan murabbiylar tayinlanadi.

Murabbiy:

o’z faoliyati davomida yuridik klinika maqsadlariga erishishda ko’maklashadi;

ustoz-shogird an’analari doirasida ko’ngillilar faoliyatini yo’naltirib boradi;

fuqarolarga bepul yuridik (konsultativ) xizmat ko’rsatishda ishtirok etadi;

yuridik klinikaning ijtimoiy-huquqiy, axborot-targ’ibot, o’quv-tarbiyaviy va ilmiy-tadqiqot faoliyatida ishtirok etadi;

yuridik klinika faoliyatining uzluksizligini ta’minlash maqsadida belgilangan jadval asosida navbatchilik qiladi.

Murabbiy yuridik klinika faoliyati maqsadlariga doir boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.

  1. Yuridik klinika maqsadlariga erishish uchun birinchi galda yuridik yo’nalishdagi oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalari talaba va o’quvchilari orasidan tanlov asosida ko’ngillilar jalb etiladi.

Ko’ngillilar:

o’z faoliyati davomida yuridik klinika maqsadlariga erishishda ko’maklashadilar;

yuridik klinikaning ijtimoiy-huquqiy, axborot-targ’ibot, o’quv-tarbiyaviy va ilmiy-tadqiqot faoliyatida ishtirok etadi;

yuridik klinikaning ichki tartib-qoidalari, Federatsiya organlari qarorlari, Federatsiya Kengashi yuridik bo’limi, yuridik klinikaning koordinatori va murabbiylari ko’rsatmalariga rioya etadilar.

Ko’ngillilar yuridik klinika faoliyati maqsadlariga doir boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.

 

IV. Yuridik klinika faoliyatini tashkil etish

  1. Yuridik klinika faoliyatini tashkil etish Federatsiya Kengashi apparati yuridik mudiri tomonidan tasdiqlanadigan reja asosida amalga oshiradi.

Yuridik klinikada ish (hujjat) yuritish koordinator tomonidan amalga oshiriladi.

  1. Federatsiya tizimi tashkilotlari, Federatsiya Kengashi apparati bo’limlari yuridik klinika faoliyatini tashkil etishda ko’maklashadilar.
  2. Yuridik klinika faoliyati vazifalarini amalga oshirish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va advokatura idoralari, ta’lim-ilmiy muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.

 

V. Huquqiy-maslahat xizmatini tashkil etish

  1. Yuridik klinika ko’ngillilari tomonidan fuqarolarga ijtimoiy-mehnat masalalariga doir murojaatlar yuzasidan huquqiy-maslahat xizmati bevosita koordinator yoki murabbiy va ekspertlar ishtirokida (nazorati ostida) ko’rsatiladi.

Bepul huquqiy-maslahat xizmati og’zaki va yozma shaklda huquqiy maslahat berish, murojaat (ariza, shikoyat, taklif), iltimosnoma va boshqa shakldagi huquqiy hujjatlarni tuzishda ko’maklashish hamda qonun bilan ta’qiqlanmagan boshqa shakllarda ko’rsatiladi.

  1. Yuridik klinikada murojaatlarni ko’rib chiqish tartibi Federatsiya Kengashi Rayosati tomonidan belgilanadi.
  2. Bepul huquqiy-maslahat xizmati ko’rsatishning asosiy tamoyillari:

fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish va ro’yobga chiqarish;

huquqiy-maslahat xizmati ko’rsatishda ijtimoiy adolatni ta’minlash;

barcha fuqarolar uchun bepul huquqiy xizmatni ta’minlash;

huquqiy-maslahat xizmatini ko’rsatuvchi shaxslar tomonidan kasbiy madaniyat va sifatli huquqiy xizmat ko’rsatilishi ustidan nazorat;

huquqiy-maslahat xizmatini ko’rsatuvchi shaxslar uchun malaka talablarini joriy etish;

huquqiy-maslahat xizmatlarini ko’rsatishda xolislik, oshkoralik va fuqaroning talabiga ko’ra maxfiylik (konfidentsiallik)ni ta’minlash.

  1. Yuridik klinika faoliyati samaradorligini ta’minlash maqsadida malakali mutaxassis (ekspert)lar jalb etilishi mumkin.
  2. Yuridik klinikada to’liq dasturni o’tagan ko’ngillilarga Federatsiya Kengashi yuridik bo’limi mudiri tavsiyasiga asosan Federatsiya Kengashi raisining farmoyishiga ko’ra maxsus sertifikat beriladi.

Sertifikat Federatsiya Kengashi raisi va yuridik bo’lim mudiri tomonidan imzolanadi.

  1. Ijobiy harakatlari bilan tavsiflangan murabbiylar, ekspertlar va ko’ngillilar Federatsiya Kengashi yuridik bo’limi mudiri tavsiyasiga asosan Federatsiya Kengashi raisining farmoyishiga ko’ra moddiy va ma’naviy jihatdan rag’batlantirilishlari mumkin.

 

VI. Moliyalashtirish va moddiy ta’minlash

  1. Yuridik klinika faoliyat yuritish uchun Federatsiya Kengashi tomonidan jihozlangan bino bilan ta’minlanadi.
  2. Yuridik klinika faoliyatini tashkiliy-texnik va moliyaviy ta’minlash tartibi Federatsiya organlari tomonidan belgilanadi.

Yuridik klinika faoliyatini moliyalashtirish va moddiy ta’minlash yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya, homiylik, grant va subsidiya mablag’lari asosida tashkil etilishi mumkin.

Yuridik klinikaga foydalanishga topshirilgan mulk Federatsiya Kengashi mulki hisoblanadi hamda Federatsiya va yuridik klinika faoliyati maqsadlarida foydalaniladi.

VII. Nazorat va hisobdorlik

  1. Yuridik klinika faoliyatini nazorat qilish Federatsiya Kengashi apparati yuridik bo’lim mudiri tomonidan amalga oshiriladi.
  2. Koordinator yuridik klinika faoliyatini umumlashtiradi va har chorak yakuniga ko’ra Federatsiya Kengashi yuridik bo’limiga hisobot berib boradi.

 

VIII. Yuridik klinika faoliyatini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish

  1. Yuridik klinika faoliyatini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish Federatsiya Ustavida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Help-Desk

Powered by themekiller.com anime4online.com animextoon.com